Bolalarni shaytonlardan qo’rqitmangiz

Erkin Vohidov sh’erlari

Bolalarni shaytonlardan qo’rqitmangiz,
Bobov keldi, deb ko’rpaga berkitmangiz,
To ulg’ayib, duch kelganda «bobov»larga,
O’xshamasin itdan qo’rqqan soqovlarga.

Bolalarni shaddodlikka o’rgatmangiz,
Rahmsizlik, bedodlikka o’rgatmangiz.
To ulg’ayib, duch kelganda insonlarga,
O’xshamasin andishasiz shaytonlarga. (1964)