Til. Til? Til!

Til. Til? Til!
Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Shu yil 16 yanvardan boshlab, Ukrainada xizmat ko‘rsatish ishlari butunlay ukrain tiliga o‘tkaziladi. Bu haqda o‘tgan prezident Poroshenko davrida qabul qilingan qonun kuchga kiryapti.

Sovet davrida sharqiy Ukraina va Kiyevdagi ko‘pchilik ukrainlar o‘rislashgan, ukrain tili ahamiyati tushib ketgandi. Lekin davlat tili obro‘sini ko‘tarish borasidagi ishlar izchillik bilan hayotga tatbiq qilinyapti.
Natijalar o‘zini ko‘rsatganiga mana bu raqamlar dalildir: agar Ukraina mustaqilligini e’lon qilgan 1991 yili maktab o‘quvchilarining atigi 47 foizi ukrain tilida o‘qigan bo‘lishsa, bugungi kunga kelib, bu raqam 90 foizga yetdi. Aholining 35 foizi ona tili o‘rischa ekanligini bildirgan. Maktablarda o‘qish ukrain tilida bo‘lmagan sinflarda 5-sinfdan boshlab darslarning kamida 80 foizi ukraincha o‘qitila boshlayapti.
Men 2000 yillar boshlarida «Yoshlar» telekanalida efirga uzatilgan «Huquq va burch» mualliflik ko‘rsatuvimda O‘zbekiston maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlari ta’lim tizimida Ukrainadagiga o‘xshash o‘zgartishlar kiritilishi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqe’i oshishiga xizmat qilishini bildirgandim. Oradan yigirma yil o‘tgach, Toshkentda o‘ris tilidagi maktablar soni ko‘payib, vaziyat teskarisiga o‘zgargani g‘oyat achinarlidir.
«Bir kun kelib, bizning ko‘chamizdayam bayram bo‘lib qolar» degan totli xayollar bilan yashab, o‘tib ketamiz, shekilli…

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling: