O’zbek bo’lish oson emasdir (E.Vohidov)

O’zbek bo’lish oson emasdir (E.Vohidov)

Inson har kim bo’lmog’i mumkin,
G’ayrat qilsa, qunt qilsa basdir.
Bir rutba bor olamda lekin —
O’zbek bo’lish oson emasdir.

Ko’p yurt ko’rdim, ko’p kezdim jahon,
Ko’ra-ko’ra keltirdim imon:
Arab bo’lish, rus bo’lish oson,
O’zbek bo’lish oson emasdir.

Yaponchilik demaydi yapon,
Nemischilik demaydi olmon,
O’zbekchilik bor bo’lsin omon,
O’zbek bo’lish oson emasdir.

O’zbek bo’lish fidolik demak,
Pohatidan judolik demak,
Sha’n deb, or deb adolik demak,
O’zbek bo’lish oson emasdir.

Dini — poklik, insof, muruvvat,
Tariqati — mardlik, futuvvat,
Do’sti — mehnat, yori — uqubat,
O’zbek bo’lish oson emasdir.

U hammani o’ylashi kerak,
ko’ngil olish, yo’qlashi kerak.
O’zbek qachon uxlashi kerak?
O’zbek bo’lish oson emasdir.

Bolasiga makka, mosh bergan,
Doshqozonda yurtga osh bergan,
Bormi bundoq urfga dosh bergan,
O’zbek bo’lish oson emasdir.

Bitmas ishni bitiruvchi xalq,
Yo’qni topib keltirguvchi xalq,
Yeguvchimas, yedirguvchi xalq
O’zbek bo’lish oson emasdir.

Og’iz ochmas kamu ko’stidan,
Hasadgo’y ko’p lekin do’stidan,
Oshini yeb kular ustidan.
O’zbek bo’lish oson emasdir.