Xalqaro futbol mukofotlari

Oltin toʻp (France Football)

Yillik futbol mukofoti. Yevropaning eng yaxshi yil oʻyinchisiga beriladigan mukofot sifatida ham mashhur. 1956 yili “France Football” gazetasi muharriri Gabriel Ano taʼsis etgan. U hamkasblaridan Yevropaning joriy yildagi eng yaxshi futbolchisiga ovoz berishlarini soʻragan. Shunday qilib, ilk sovrindor “Blekpula” jamoasi aʼzosi Stenli Metyuz boʻlgan.

Boshida jurnalistlar faqat Yevropa jamoalarida faoliyat yuritadigan yevropalik futbolchilar uchungina ovoz berardi. Shu sababli Diyego Maradona, Pele kabi afsonaviy futbolchilar bu mukofotni ololmagan.

1995 yili qoidalarga oʻzgartirish kiritilgan. Endi sovringa istalgan millatga mansub futbolchi egalik qilishi mumkin. Lekin bir sharti bor: u Yevropa jamoalarida toʻp surishi kerak. Xuddi shu yili yevropalik boʻlmagan futbolchi ­– “Milan” klubi aʼzosi Jorj Vea mukofot sohibiga aylangan. 2007 yili qoidalarga yana oʻzgartirish kiritildi. Bu paytdan boshlab sovringa istalgan millatga mansub va dunyoning istalgan klubida faoliyat olib borayotgan futbolchi daʼvogarlik qilishi mumkin. Shu munosabat bilan gʻoliblarni aniqlovchi jurnalistlar soni ham koʻpaytirildi. Oldin ular 52 nafar faqat yevropalik jurnalistdan iborat boʻlsa, endi hakamlar soni 96 nafarga yetdi va jurnalistlar butun dunyodan taklif etiladigan boʻldi. Ularga yilning eng yaxshi besh nafar futbolchisini aniqlab berish vazifasi topishirildi.

Uch nafar futbolchi – Yoxan Kroyf, Mishel Platini va Marko van Basten “Oltin toʻp” mukofotini uch martadan qoʻlga kiritgan. Platini mukofotga uch yil ketma-ket (1983, 1984, 1985) egalik qilgan yagona futbolchidir. 1997 yili ushbu sovringa munosib topilgan Ronaldo “Oltin toʻp” olgan ilk braziliyalik boʻldi. Mukofotni eng koʻp germaniyaliklar olgan. Jami besh nafar olmon futbolchisi yetti bor eng yaxshi deya eʼtirof etilgan. Lev Yashin ushbu mukofotga loyiq topilgan yagona darvozabon hisoblanadi. U 1963 yili gʻolib boʻlgan. “Oltin toʻp”ning eng soʻnggi sovrindori argentinalik Leonel Messidir.

 

FIFA Yil oʻyinchisi

2009 yilgacha eng yaxshi futbolchi erkak va ayolga berilgan mukofot. Gʻolib terma jamoalar murabbiylari va sardorlarining ovoz berishi orqali aniqlangan. Har bir saylovchi besh, uch va bir ochkodan iborat uchta ovozga ega boʻlgan. Eng koʻp ball yiqqan futbolchi gʻolibga aylangan va FIFA Brilliant toʻpi bilan taqdirlangan.

Mukofot 1991 yili taʼsis etilgan, 2001 yildan ayol futbolchilar oʻrtasida ham gʻoliblar aniqlanadi.

Ushbu sovrinni eng yosh qoʻlga kiritgan futbolchi – Ronaldo. U 1996 yili yigirma yoshida dunyoning eng yaxshi futbolchisi deya eʼtirof etilgan. Ronaldo ketma-ketiga ikki yil “Yil oʻyinchisi” deya eʼtirof etilgan birinchi futbolchi hamdir. Ronaldo va Zayniddin Zidan uch martadan ushbu mukofotga loyiq topilgan. Kuchli uchlikka kirish boʻyicha rekord Zayniddin Zidanga tegishli – u bu sharafli safdan jami olti marta joy olgan.

Oltin, kumush va bronza toʻplarning toʻliq toʻplamini Ronaldo (oltin – 1996, 1997 va 2002, kumush – 1998, bronza – 2003), Zidan (oltin – 1998, 2000, 2003, kumush – 2006, bronza – 1997, 2002) va Krishtianu Ronaldu (oltin – 2008, kumush – 2009, bronza – 2007) yigʻa olgan.

Mukofotning soʻnggi sovrindori 2009 yili Argentina termasi va “Barselona” jamoasi hujumchisi Leonel Messi boʻlgan. 2010 yili “France Football” nashrining “Oltin toʻp” va FIFAning “Yil oʻyinchisi” mukofotlari birlashib, FIFA Oltin toʻpi mukofotiga aylangan.

 

FIFA Oltin toʻpi

Har yili yilning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan mukofot. U dunyo terma jamoalari murabbiylari va sardorlari hamda jurnalistlarning ovoz berishi yoʻli orqali aniqlanadi. Ushbu sovrin 2010 yili “France Football”ning “Oltin toʻp” va FIFAning “Yil oʻyinchisi” mukofotlari birlashishidan tashkil topgan. FIFA Oltin toʻpining ilk egasi Lionel Messi boʻlgan. Shundan keyin mukofot ketma-ket yana ikki yil shu futbolchiga nasib etdi. Messi hozircha mukofotning yagona va mutloq egasi boʻlib turibdi.

Shuningdek, 2010 yili “Yil murabbiyi” sovrini ham taʼsis etilgan. Unga 2010 yili Joze Mourinyo, 2011 yili Xosep Gvardiola, 2012 yili esa Visente del Boske sazovor boʻlgan.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

2013 yil mart